audio

    12+
    Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar O‘zbekistonning ko‘p jabhalarda jadal rivojlanish yo‘lida erishayotgan, aholi turmushini sezilarli darajada yaxshilagan yutuqlari, jumladan, raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

    O‘z navbatida, vazir Sh.Shermatov vazirlikning asosiy maqsadlaridan biri yosh avlodni tayyor ish o‘rinlari bilan ta’minlash, bu orqali ularni yurtimizda turib, yuqori maosh olishlari uchun imkoniyat yaratish ekanini ta’kidladi.

    Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlari cheklangani bois vazirlik AKT sohasini faol rivojlantirayotgani, bu esa IT-xizmatlar eksporti ko‘rsatkichlarini jadal oshirishga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.

    O‘z navbatida, sohani rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan dasturlar, jumladan, “One Million Uzbek Coders” loyihasi haqida ma’lumotlar berildi.

    Vazir Sh.Shermatov Yevropa bozorining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

    Bundan tashqari, uchrashuvda telekommunikatsiya yo‘nalishida hamkorlik istiqbollari, jumladan, olis hududlarni zamonaviy yo‘ldosh aloqasi tizimi yordamida yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash boʻyicha hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish masalalalari muhokama qilindi.

    Yakunda tomonlar uchrashuv uchun bir-biriga minnatdorchilik bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaqin kelajakda qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga umid bildirdilar.

    • view_icon 55