
Qurilish va UJKX

Xidoyatov Sherzod Saidjanovich
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
Keyingi yillarda mamlakatimizda turar-joylar, ijtimoiy-maishiy obyektlar qurilishini rivojlantirish, muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmalarini yangilash maqsadida olib borilayotgan yaratuvchilik ishlari natijasida shaharlar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda. Bunyodkorlik sohasiga oid barcha chora-tadbirlar Shaharsozlik kodeksi va shaharsozlik norma va qoidalari asosida tizimli olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi "Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-299-son qarori imzolandi.
2024-yil 24-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 880-son qarori qabul qilindi.
Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suv bilan ta'minlash, suv va kanalizasiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ichimlik suv ta'minoti va oqova suv ob'ektlarini davlat tomonidan tartibga solish, boshqarish va ekspluatasiya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida hududiy suv ta'minoti korxonalarini birlashtirgan holda “O‘zsuvta'minot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ichimlik suv ta'minoti, kanalizasiya tizimlarini modernizasiya qilish uchun respublika byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalar, mahalliy byudjetlar hamda xalqaro moliya institutlari hisobidan yetarlicha mablag‘lar ajratib kelinmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026- yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasida jami 63 954,7 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, 2025- yilning mos davriga nisbatan 15,5% ga oshgan.
2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasida qurilish ishlari iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:
- Bino va inshootlar qurilishining ulushi 73,5 foizga yetdi, o‘sish sur’ati esa 2025-yilning mos davriga nisbatan 16,8 foizga oshdi.
- Fuqarolik obyektlarini qurish ulushi 17,9 foiz darajasida qayd etildi, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 10,7 foizga ko‘pdir.
- Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari ulushi 8,6% ni tashkil etdi, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 14,4% ga ko‘pdir.

