Markaziy Osiyo – Germaniya hamkorligi: yangi bosqich va istiqbollar
2026-02-12 09:25:00 / Yangiliklar

Ushbu yangi mexanizm hamkorlikni yanada tizimli va amaliy yo‘lga qo‘yish uchun muhim bosqich sifatida baholanishi ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo bugungi kunda Yevrosiyo yuragida strategik ahamiyatga ega bo‘lib, o‘zining iqtisodiy salohiyati va global rolini izchil mustahkamlashda davom etmoqda. Uchrashuv doirasida investitsiya, texnologiya va savdo sohalarida hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish, xomashyo, “yashil” energetika, iqlim, transport va logistika kabi yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish zaruriyati alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Germaniya” biznes forumida hamkorlik chog‘ida yaxshi natijalarga erishilganligi, global transformatsiya sharoitida barqaror yetkazib berish zanjirlarini yaratish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorlik ko‘rsatildi.
O‘zbekiston amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ochiq va barqaror iqtisodiy muhit yaratilmoqda, investorlar uchun qulay sharoitlar shakllantirilmoqda. Ayniqsa, “yashil” energetika, mashinasozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari sohalarida hamkorlik salohiyati yuqori ekanligi qayd etildi.
Joriy yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro Investitsiya Forumida hamkorlarning ishtiroki kutib olinadi va strategik iqtisodiy sheriklik yanada mustahkamlanishiga umid bildirilmoqda.

