IWMI bilan hamkorlik yangi bosqichda
2026-05-22 09:45:00 / Yangiliklar

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev mamlakatimizga tashrif buyurgan Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti Bosh direktori Mark Smit bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalari muhokama qilindi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘tgan yili 16-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mintaqada suv tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilishni taklif etgan edi.
Joriy yilning 22-aprel kuni Ostonada o‘tkazilgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi va mintaqa mamlakatlarida Suv haftaliklarini muntazam o‘tkazib borishga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatlar yetakchilarini shu yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga yana bir bor taklif etdi.
Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti Bosh direktori bilan uchrashuvda ana shu tashabbuslar doirasida hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, janob Mark Smit O‘zbekiston 2027-2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi raisligini qabul qilib olishi bilan qutlar ekan, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti bu davrda mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Suv tejovchi texnologiyalar, raqamlashtirish masalalarida ko‘mak berishga tayyorligini ta’kidladi.
Uchrashuv samimiy va do‘stnoma ruhda o‘tdi.
IWMI vakillari Suvchilar maktabi faoliyati bilan ham tanishdi.
Ma’lumot uchun: IWMI 1984-yilda tashkil etilgan bo‘lib, suv tanqisligini kamaytirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib boradi, hukumatlar, xususiy sektor va fermerlar bilan hamkorlikda amaliy yechimlar ishlab chiqadi hamda joriy etadi. Bugungi kunda institut dunyoning 10 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi. Uning Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi Toshkent shahrida joylashgan.


