”Yangi O‘zbekiston ayollar olimpiadasi” g‘oliblari taqdirlandi
2026-06-16 09:20:00 / Yangiliklar

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur sport tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan faol xotin-qizlar shaxmat, shashka, stol tennisi hamda yengil atletika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Olimpiadaning yakuniy qismida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova, Sport vaziri Adkham Ikramov, Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zozxon Karimova hamkor vazirlik va tashkilotlar vakillari, sportchi xotin-qizlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimida musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Umumjamoa hisobida:
1-o‘rin — Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi
2-o‘rin — Navoiy viloyati jamoasi
3-o‘rin — Toshkent shahri jamoasi
Tadbirda ta’kidlanganidek, sport bugun xotin-qizlar hayotida nafaqat sog‘lom turmush tarzi, balki o‘ziga ishonch, qat’iyat, iroda va jamiyat hayotida faol bo‘lishga undovchi muhim kuchga aylanmoqda. Jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va irodali ayol sog‘lom oila, barkamol farzand va mustahkam jamiyat tayanchidir.
“Yangi O‘zbekiston ayollar olimpiadasi” xotin-qizlarning sportdagi faolligini oshirish, ularning salomatligini mustahkamlash, hududlarda ommaviy sport harakatini kengaytirish va ayollar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur olimpiada minglab xotin-qizlarni sog‘lom hayot, jismoniy faollik va yangi marralar sari ruhlantirgan keng qamrovli sport bayramiga aylandi.


