Toshkentda IX Xalqaro ECOSA urug‘chilik kongressi bo‘lib o‘tmoqda
2026-10-27 13:50:00 / Yangiliklar

Kongressda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov nutq so‘zlab, urug‘chilikning agrar tarmoq taraqqiyoti, hosildorlik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi strategik ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligining poydevori – sifatli urug‘. Chunki mo‘l hosilga erishish, fermer va dehqonlarning mehnati samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishdan ko‘zlangan natijalarni ta’minlash, eng avvalo, ekilayotgan urug‘ning sifati va salohiyatiga bog‘liq.
Bugun esa bu borada yangi yondashuvlar, zamonaviy ilmiy yechimlar va innovatsion ishlanmalar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kecha muayyan hudud sharoitida yuqori samara bergan nav bugungi sharoitda kutilgan natijani bermasligi mumkin. Shu bois qurg‘oqchilikka, issiqqa va turli kasalliklarga chidamli, suvdan samarali foydalanadigan, yuqori hosildorlikka ega yangi navlarni yaratish va amaliyotga joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Vazir o‘z nutqida ushbu jarayonda ilm-fan va xalqaro hamkorlikning o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kongress shunchaki tajriba almashish maydoni emas, balki umumiy muammolarga birgalikda yechim topish, ilmiy salohiyatni birlashtirish va kelajak urug‘chiligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim.
Vazir kongress doirasida ilgari suriladigan taklif va tashabbuslarni atroflicha ko‘rib chiqishga tayyor ekanini ham bildirdi.
Shuningdek, vazir o‘z nutqida genetika va epigenetika masalalariga ham alohida to‘xtalib, O‘zbekistonda genetika va epigenetikaga asoslangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish boshlanganini ta’kidladi. Shuningdek, kongress ishtirokchilariga murojaat qilib, bugungi iqlim o‘zgarishlari sharoitida yangi, istiqbolli urug‘ navlarini yaratish uchun zamonaviy dasturlar va innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish, ilmiy hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini qayd etdi.


