O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasidagi strategik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2025-05-13 09:45:00 / Yangiliklar

Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslar muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni Xitoy talabalari uchun bakalavriat, magistratura va doktorantura yo‘nalishlarida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Mamlakatimiz oliygohlari xalqaro talablarga mos o‘quv dasturlari, zamonaviy infratuzilma va turli tillarda ta’lim berish imkoniyatlari bilan yetarlicha jihozlangani qayd etilib, masofaviy va gibrid shaklda o‘qish imkoniyatlari ham taklif etildi.
Muzokaralar davomida o‘zbek diplomlarining Xitoyda rasmiy tan olinishi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Xitoy akademik almashinuv markazi (CSCSE) orqali akkreditatsiyadan o‘tish va Xitoy tomoni shakllantiradigan maxsus ro‘yxatga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarini kiritish masalalari yuzasidan aniq mexanizmlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki tomonlama akademik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2025-yil ikkinchi yarmida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Rektorlar forumi haqida ham so‘z yuritildi. Mazkur anjuman universitetlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, joriy yil 1–2-iyun kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Xitoy mintaqaviy forumi doirasida ta’limga bag‘ishlangan maxsus yo‘nalish tashkil etilgani ma’lum qilindi. Unda universitetlar, tegishli vazirliklar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida akademik almashinuv, qo‘shma dasturlar va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Muloqotda Xitoy universitetlari filiallarini O‘zbekistonda tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy dinamikasi alohida e’tirof etildi. Ayniqsa, Sian neft universiteti filiali yuzasidan kelishuvga erishilgani, Pekin texnologiya instituti bilan muzokaralar olib borilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Sinxua universiteti bilan Toshkent shahrida ilmiy laboratoriya tashkil etish, Pekin universiteti bilan esa Urganch shahrida O‘zbekiston–Xitoy matematik markazini ochish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Muzokaralar davomida 2025-yil 13-iyun kuni Chunsin shahrida bo‘lib o‘tadigan Birinchi O‘zbekiston–Xitoy kasbiy ta’lim forumi masalasi ham muhokama qilindi. Unda sanoat, agrar sektor, raqamli texnologiyalar va yashil energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma o‘quv markazlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlikni strategik darajada mustahkamlash, ilgari surilgan tashabbuslarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.