Oʻzbekiston – Italiya: Perudja xorijliklar universiteti bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻllariga bagʻishlangan uchrashuv
2025-06-30 09:35:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda vazir Q. Sharipov soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida oliy taʼlim va ilm-fan sohasida shakllangan hamkorlik aloqalari, xususan, Italiya oliygohlarining Oʻzbekistondagi filiallari faoliyati, 2024–2025 yillarda oʻtkazilgan Oʻzbekiston–Italiya taʼlim forumi va oliygohlar rektorlari ishtirokidagi davra suhbati natijalari haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Shu bilan birga, vazir 2025–2027-yillarga moʻljallangan qoʻshma ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar tanlovi haqida toʻxtalib, ushbu jarayon hozirda amalga oshirilayotganini taʼkidladi. U, shuningdek, ikki mamlakat universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa doktorantura, akademik almashinuv, Erasmus+, Gorizont Yevropa va Mari Skladovska Kyuri kabi Yevropa taʼlim dasturlari doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi.
Oʻz navbatida, rektor Valerio De Chezaris Perudja xorijliklar universiteti Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan faol hamkorlik olib borilayotganini taʼkidladi.
Muzokaralar yakunida italyan tili va madaniyatini oʻrganish, akademik almashinuv, professorlar malakasini oshirish, Yevropa Ittifoqi loyihalari doirasida hamkorlik, qoʻshma taʼlim dasturlari yaratish, talabalarni grant asosida oʻqitish va madaniy almashinuvni kuchaytirish borasida kelishuvga erishildi.