Qishloq xo‘jaligi siyosatida gender tengligi - barqaror qishloq rivojlanishining asosi
2025-07-01 10:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida gender tengligini taʼminlash, ayollar uchun munosib hayot va mehnat sharoitlarini yaratish, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Gender yondashuvlarini qishloq xo‘jaligi siyosatiga integratsiya qilish, bu yo‘nalishda idoralararo va tarmoqlararo hamkorlikni mustahkalash yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Maxkamova o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida ham ayollarga keng imkoniyatlar yaratilayotganini qayd etdi. Sohaga doir ko‘plab hujjatlar qabul qilinib, zarur sharoitlar taqdim etilgan.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida xalqaro indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida mamlakatimiz beshta eng ilg‘or o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kirdi. Respublikamiz “Siyosatdagi ayollar” reytingida dunyodagi 190 ta milliy parlamentlar o‘rtasida 38-o‘rindan, shuningdek, Ochiq gender maʼlumotlar indeksida jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy oldi.
Gender tenglikni mustahkamlash orqali qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligi va daromadlar hajmining o‘sishiga xizmat qilishi taʼkidlandi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollarning teng huquqli ishtiroki yirik fermer xo‘jaliklaridagi hosildorlikni o‘rtacha 15-20% ga oshiradi.
Ayollarimiz fermerlikda, agrotexnikada, ilmda ham yetakchilik qilmoqda. 90 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarning 6,5 foiziga ayollar rahbarlik qilmoqda, 700 ming gektar yer tomorqa maydonlarda xotin-qizlar mehnat olib bormoqda, qishloq xo‘jaligi faoliyatning 43,3 foizi xotin-qizlar ulushiga to‘g‘ri keladi. 13 ta agrar yo‘nalishda 360 dan xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ularning 246 nafari ilmiy xodim, 104 nafari ilmiy tadqiqotchilar hisoblanadi.
Bugun qabul qilingan Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan Gender strategiyasi bu deklarativ hujjat emas, balki aniq harakatlar dasturi ekanligi qayd etildi.
Hujjat ayollarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ularni teng huquqli sherik sifatida qabul qilish, va nihoyat, barqaror qishloq rivojlanishiga erishishga xizmat qilishi eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, strategiyani real hayotga tatbiq etish, unda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni har bir hudud, har bir mahalla kesimida aniq ijroga qaratilgan mexanizmlar orqali joriy etishning muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.