Yuzma-yuz muloqotlarda kichik va o‘rta biznes vakillarining muammolari yechim topmoqda
2025-05-23 15:50:00 / Qo'mita yangiliklari

“Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bu bizning strategik yo‘limiz! Tadbirkorlik qancha tez rivojlansa, mamlakatimiz shuncha qudratli bo‘ladi, xalqimiz shuncha farovon yashaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida soliq organlari tomonidan respublikamizning barcha hududlarida tizimli ravishda ochiq muloqotlar tashkil qilinmoqda.
Mazkur uchrashuvlarda Soliq qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etib, soliq to‘lovchilarning dolzarb muammolarini tinglash, ularni chuqur o‘rganish va hal etish yuzasidan aniq va samarali choralar belgilashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Mart oyidan boshlab respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilgan 100 dan ortiq uchrashuvda 5 mingdan ziyod tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot qilindi. Ushbu uchrashuvlar nafaqat biznesdagi dolzarb masalalarni muhokama qilishga, balki davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida samarali hamkorlik va ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Bu kabi muloqotlar orqali kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rni yanada mustahkamlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda hamda biznes muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan davlat siyosati amalda o‘z samarasini bermoqda.
Soliq qo‘mitasi bu jarayonni davom ettirib, biznes subyektlariga yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platformani yaratishda davom etadi.