Hindiston Respublikasi Moliya vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-09-15 09:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ilgari surish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, joriy yilning avgust oyida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari, xususan, ikki davlat moliya vazirliklari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanganligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot davomida Hindistonning farmatsevtika va tibbiyot sanoatidagi ilg‘or tajribasidan foydalanish, ushbu yo‘nalishda aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yuqori texnologiyalar, xususan, yarimo‘tkazgichlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Hindistonning ushbu yo‘nalishdagi tajribasi va salohiyatidan samarali foydalanish, O‘zbekistonda texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar startaplar va innovatsion tadbirkorlik sohasida ham hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Ikki mamlakat startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, istiqbolli innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash, iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirish hamda istiqbolli tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldilar.
