O‘zbekiston va Daniya hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-10-05 10:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Daniya delegatsiyasiga esa Daniya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen boshchilik qildi.
Tomonlar sanoat, transport va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda moliyalashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Uskunalarni mahalliylashtirish, terminal infratuzilmasini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energetika, energiya samaradorligi va suv ta’minotini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda Daniya Eksport va investitsiya jamg‘armasi EIFO rahbariyati va vakillari, shuningdek FLSmidth, Grundfos, Maersk, AVK International, Scan Global Logistics, Carlsberg va ByteAll Energy kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.
Ishbilarmonlik dasturi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga qaratilgan B2B va B2G muzokaralari bilan davom etdi.
Yakunda ISSV va Daniya Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama komissiyani tashkil etish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

