Surxondaryo va Wanlin Group o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi
2026-10-06 14:25:00 / Yangiliklar

Muloqot avvalida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlari ikki davlat Rahbarlarining samimiy va do‘stlik aloqalari tufayli rivojlanib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochilayotgani ta’kidlandi.
Shu nuqtayi nazardan, Xitoy kompaniyalarining Surxondaryo viloyatidagi investitsiya loyihalari nafaqat hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, balki ishlab chiqarish, logistika va eksport zanjirlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuvda "Wanlin Group Limited" kompaniyasining viloyatda amalga oshirishni rejalashtirayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Xususan, Termiz tumanidagi Navro‘z mahallasi hududida 20 gektar maydonda zamonaviy suv usti madaniy-turistik majmuasi — akvapark barpo etish loyihasi muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, logistika, sovutish infratuzilmasi va transchegaraviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralar yakunida Surxondaryo viloyati hokimligi va "Wanlin Group Limited" o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitim imzolandi.
Kelishuv doirasida Xitoy kompaniyasi tomonidan Surxondaryo viloyatida 20 ming gektar maydonda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish, yuqori hosildor nav va elita urug‘lar asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, "Halol" standartlari asosida oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, logistika industrial parkini tashkil etish, zamonaviy sovutish va saqlash infratuzilmasini shakllantirish, transchegaraviy savdoni rivojlantirish hamda suv usti madaniy-turistik kompleksi — akvapark barpo etish kabi yirik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

